TOShKENT, 5-iyun – Sputnik. Qo‘l jangi bo‘yicha Jahon chempionati 5-7 iyun kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadi, deb xabar qilmoqda Xalq so‘zi nashri.
Musobaqaga dunyoning 30dan ortiq mamlakatlaridan sportchilar va mehmonlar keladi. Musobaqa sportchilar yoshi bo‘yicha ikki guruhga bo‘lingan: 18-37 yoshli va 38-49 yoshli sportchilar orasida. Birinchi guruhda erkaklar orasida 9 ta va ayollar orasida 8ta vazn toifalari belgilangan.
18-37 yoshli sportchilar guruhida O‘zbekistondan Abdulloh Ahmadaliyev, Fayoz Ahmadov, Jasur Hasanov, Jo‘rabek Mavlonov, Sanjar Ravshanov, Jahongir Rasulov, 38-49 yoshlilar orasida esa - Nazirjon Mo‘yinov, Iskandar Karimov, Botir Rahmonov, Davron Avvalbayevlar himoya qilishadi.
Aytish joizki, mezbon davlat sifatida O‘zbekiston terma jamoasi har bir vazn toifasida ikki nafardan sportchini bahslarda ishtirok etishga haqli. Ushbu munosabat bilan jami 16 nafar o‘zbekistonlik sportchilar gilamga tushadi.
O‘zbekiston tomonidan ushbu tadbirga Xalqaro qo‘l jangi federatsiyasi, O‘zbekiston turizm va sport ishlari vazirligi, O‘zbekiston qo‘l jangi federatsiyasi, O‘zbekiston Milliy gvardiyasi va bir qator hamkor tashkilotlar o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Bugun Toshkentda bo‘lib o‘tgan ushbu musobaqaga bag‘shlangan matbuot anjumanida, Jahon chempionati Toshkentda ilk marotaba o‘tkazilayotgan bo‘lsada, o‘zbekistonlik sportchilar bundan avvalgi dunyo birinchiliklarida muvaffaqiyatli ishtirok etib kelgani ta’kidlandi. Jumladan, 2019-yil Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi jamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egallagani qayd etildi.