TOShKENT, 5-iyun — Sputnik. O‘zbekiston bo‘ylab qisqa muddatli elektr uzilishlari sodir bo‘lishiga 1-3 iyun kunlar respublika hududida kuzatilgan kuchli shamol sabab bo‘lgan, deb xabar qildi Energetika vazirligi matbuot xizmati.
Muassasa xabariga ko‘ra, kuchli shamol oqibatida daraxtlar shoxi sinishi va ayrim uylarni tomi siljishi kuzatilgan. Undan tashqari elektr uzatish liniyalari ham shikastlangan.
Ikkinchidan, ob-havoning keskin isishi oqibatida, aholi tomonidan konditsioner uskunalaridan foydalanish boshlangan va buning oqibatida transformator stansiyalariga yuklama oshgan. Bu ham elektr tizimidagi uzilishlarga sabab bo‘lgan.
“Ushbu muammolarni hal qilish maqsadida barcha hududlarda mobil brigadalar ish olib bormoqda. Ular mahalliy energiya kompaniyalari mutaxassislari bilan birgalikda mavjud muammolarni hal qilishmoqda”, - deyilgan xabarda.
Undan tashqari ayrim hududlarda reja asosida qisqa muddatga elektr ta’minoti uzilgan. Bundan maqsad transformator punktlari va elektr uzatish liniyalarini kuzgi-qishgi mavsumga tayyorlash, deyilgan xabarda.
Sinoptiklar xabariga ko‘ra, ushbu dam olish kunlarida O‘zbekistonda kuchli issiq bo‘lishi kutilmoqda. Havo harorati kunduzi +46 darajagacha ko‘tarilishi mumkin. Shamol tezligi 17-22 m/sga yetishi, chang bo‘ronlari bo‘lishi kutilmoqda.
O‘zgidromet xabariga ko‘ra, bu yilgi havo harorati odatiydan ko‘ra 7-10 daraja issiq bo‘lishi kutilmqda.