TOShKENT, 4-iyun - Sputnik. Jizzaxda YPX inspektori haydovchi bilan muloqot jarayonida nosamimiy munosabatda bo‘lgani uchun ishdan olindi.
Sal avval ijtimoiy tarmoqda YPX xodimi haydovchini so‘kdi sarlavhasi ostida video tarqalgach, Jizzax viloyati IIB tomonidan xizmat tekshiruvi boshlab yuborilgan edi.
Voqea aprel oyida Jizzax viloyatida sodir bo‘lgan.
IIB YHXB YPX xodimlari Z.P., Z G‘. va Sh.M. Jizzax shahar Islom Karimov shohko‘chasida tungi xizmatni olib borayotgan vaqtida YPX inspektori Sh.Murodov tomonidan "VAZ-2108" mashinasi haydovchisi yo‘l harakati qoidalarining 99-bandida belgilangan talablarga amal qilmasdan harakatlanganligi bois to‘xtatilgan.
YPX xodimi haydovchidan meyoriy hujjatlarni taqdim qilishini so‘raganda haydovchi hujjatlarni taqdim eta olmagan. Haydovchi A.J.ga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy bayonnoma tuzilib, "VAZ-2108" vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga maxsus evakuator yordamida olib ketilayotganda haydovchi YPX xodimiga e’tiroz bildirib, qarshilik ko‘rsatgan. YPX inspektori Sh.Murodov haydovchi bilan muloqot jarayonida nosamimiy munosabatda bo‘lgan.
Xizmat tekshiruvi xulosasiga ko‘ra, xizmat faoliyati davomida "Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risida"gi Nizom hamda Ichki ishlar vazirining ayrim meyoriy buyruqlari talablarini buzganligi uchun Jizzax viloyati IIB YHXB YPX xodimi Sh.Muradov egallab turgan lavozimidan ozod etilishi bo‘yicha xulosa qabul qilingan.