TOShKENT, 2-iyun — Sputnik. Termiz shahrida Surxondaryo viloyati mahalliy kengash deputatlari, tadbirkor va fermerlar, nuroniylar, yoshlar, jamoatchilik faollari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev viloyatni kompleks rivojlantirish, “mahallabay” tizimda aholi hayotini yaxshilash bo‘yicha ustuvor vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi.
Davlat rahbari ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish masalalariga ham alohida to‘xtaldi.
Bu yil viloyatda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi doirasida 483 ta qishloq va mahallada obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Buning uchun 1,6 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan.
1 ming 230 kilometr yo‘llar ta’mirlanishi, yana ming kilometr elektr tarmog‘i tortilishi qayd etildi.
Prezident yaqin 2-3 yilda viloyatda 1,5 million aholining ichimlik suvi muammolarini to‘liq hal qilish, buning uchun “To‘palang” suv omboridan 400 kilometr magistral tarmoqlar tortish bo‘yicha loyiha ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.
Prezident bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev va o‘rinbosari Akmalxo‘ja Mavlonovga magistral tarmoqlarni loyihalash va qurish, umuman, viloyatda sarflanayotgan mablag‘larni nazorat qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
“Viloyat prokurori ham faqat shu masala bilan shug‘ullanishi kerak, xiyonatga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Viloyatda kim kimning odami, qaysi amaldorning tanishi ekanini yaxshi biladi”, - dedi prezident.
Uning so‘zlariga ko‘ra, boshqa viloyatlarda singari Surxondayoda ham korrupsiya bor. Prezident hamma tuman rahbarlariga oyligini hal qilib berilganini ta’kidladi.
“Men hokim bo‘lib ishlagan paytda maoshimiz bitta galstukka yetmasdi. Hozir-chi? Viloyat hokimining, vazirning oyligini men bilaman, o‘zi biladi. Nima uchun? Ey noinsoflar, hammangizni boqib olaman, xalqni talon-toroj qilmanglar deyayapman. Oilasi bozorga, kasalxonaga borishga ham pul berib qo‘yganman. Chunki men bu azoblarni ko‘rganman. Hokimniyam oilasi, bolasi, nevarasi bor, har bitta tuman hokimiga, prokuroriga, soliqchisiga, muovinlariga uy qilib berganman. Qaysi davlatda bor bu? Insof sari baraka, odamlarga tarmashmaylik endi... Surxondaryoda nuroniylar boshchiligida bitta jamg‘arma tuzib, xalq rizqini o‘g‘irlagan odamlarga nafrat uyg‘otadigan tizim yaratish kerak. Nuroniylar borib o‘sha odamlarni ko‘zini ochsin. Mana shunday qilsak, xalqning halol puli tejalib, odamlar rozi bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. Uning so‘zlaridan O‘zA iqtibos keltirgan.