TOShKENT, 1-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda yo‘l harakati sohasidagi muammolarni kompleks o‘rganish va amaliy muammolarni bartaraf etish bo‘yicha idoralararo ishchi guruhi o‘z faoliyatini boshladi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar qildi.
Guruh tarkibiga Hukumat, ichki ishlar, transport, moliya vazirliklari, avtomobil yo‘llari qo‘mitasi va boshqa mutasaddi idoralar va tashkilotlarning rahbar va malakali mutaxassislari kiritilgan.
Ta’kidlanishicha, guruh yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash va yo‘l-transport hodisalarining barvaqt oldini olishning bugungi kundagi holatini kompleks ravishda o‘rganadi. Ilg‘or xorijiy tajribasi va ilmiy yondashuvlarni qo‘llash asosida normativ-huquqiy va manzilli tashkiliy-amaliy choralarni ishlab chiqadi.
Alohida e’tibor yo‘l infratuzilmasi bilan bog‘liq jiddiy muammolar – yo‘llarning holati, piyodalar o‘tish joyi, yo‘l belgilari, tartibga solinmagan chorrahalar va boshqalarga qaratiladi. Ularni tubdan yaxshilash bo‘yicha har tomonlama choralar ko‘riladi.
Bundan tashqari, yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha aholini qiynayotgan muammolar o‘rganilib, ko‘riladigan kompleks chora-tadbirlar haqida jamoatchilikka axborot beriladi. Fuqarolar bildirgan takliflar sinchkovlik bilan o‘rganib chiqiladi.