Bizda anorchilik bo‘yicha an’ana bor, lekin ilm yo‘q, laboratoriya yo‘q – Mirziyoyev

Sputnik
TOShKENT, 1-iyun — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrif davomida Sherobod tumani "Bo‘ston" mahallasida tashkil etilgan anor bog‘ini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Sherobodning anorlari katta, mazali, hosildor bo‘ladi. Tumanda 48 ta mahallaning 33 tasi anor yetishtirishga ixtisoslashgan. 5 mingdan ziyod aholi anor yetishtirish bilan shug‘ullanib, undan katta daromad topmoqda.
O‘zbekiston 1 milliard dollarlik meva-sabzavot eksport qildi: asosiy xaridor Rossiya
Shunday anorzorlardan biri "Sardorbek Sultonbek" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tumanning "Bo‘ston" mahallasida tashkil etilgan. Prezident ushbu bog‘ni ko‘zdan kechirdi.
43 gektar yerda 30 ming donadan ziyod anor ekilgan. Qozoqi navli ushbu anorning bir donasi 1 kilogrammdan ziyod tosh bosishi mumkin. Ko‘chatlar bu yildan hosilga kirdi. Yiliga jami ming tonnadan ziyod mahsulot olish mo‘ljallangan. Shu yerda Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filiali tadqiqotchilari bilan muloqot bo‘ldi.
Bizda anorchilik bo‘yicha an’ana bor, lekin ilm yo‘q, kitob yo‘q, laboratoriya yo‘q. Anor jaydari usulda yetishtirilyapti. Kasallikdan himoya qilishni hamma ham bilmaydi. Eng katta narsa - nav kerak. Keyin shu navni xonadonlarga kirgazish zarur.
Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekiston prezidenti
Surxondaryoda qishloq xo‘jaligini innovatsion yo‘naltirish bo‘yicha institut tashkil etish, anor bilan birga limon, xurmo yetishtirishni ko‘paytirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Davlat rahbari tumanning "Kattabog‘" mahallasida anorchilik bilan shug‘ullanayotgan Abdurahmon Karimov xonadonida ham bo‘lib, aholi turmushi va tomorqalardan foydalanish holati bilan tanishdi.