TOShKENT, 31-may — Sputnik. “Uzbekistan Airports” kompaniyasi O‘zbekistondagi barcha xalqaro aeroportlar bilan boshqaruv bo‘yicha shartnomalar imzoladi. Bu qaror prezidentning mamlakat fuqaro aviatsiyasi korxonalarini qo‘llab-quvvatlash va transformatsiya qilishga oid qaroriga ko‘ra qabul qilingan. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati Sputnik nashriga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, shu tariqa “Uzbekistan Airports” barcha aeroportlarning yagona ijro etuvchi organiga aylangan. Yagona organ sifatida kompaniyaning asosiy vazifalari barcha aeroportlarni rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish, ularning faoliyatini uslubiy boshqarish va aeroport infratuzilmasini rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish uchun moliyaviy oqimlarni to‘plash va yangi texnologiyalarni joriy etishdan iborat bo‘ladi.
Xabarda yozilishicha, har bir aeroport ustavi, ularning tashkiliy tuzilmalari va shtat jadvaliga o‘zgartirishlar kiritilgan. Qolaversa, xodimlar maoshini oshirishga qaratilgan KPI rag‘batlashtirish metodikasi joriy qilingan.
Kompaniya rahbari Ra’no Jo‘rayevaning so‘zlariga ko‘ra, tez orada yo‘l xaritasini yaratish va mamlakatning barcha xalqaro aeroportlarida to‘laqonli ishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.