Xorazmda so‘nggi qo‘ng‘iroq arafasida 6 nafar 11-sinf o‘quvchisini mashina urib yubordi

Jabrdiydalarning uch nafari hodisa sodir bo‘lgan joyning o‘zida, yana bir nafari shifoxonada vafot etgan
Sputnik
TOShKENT, 29-may - Sputnik. Xorazmda "Neksiya" avtomobili haydovchisi boshqaruvni yo‘qotishi natijasida mudhish yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, to‘rt kishi YTH qurboniga aylandi. Bu haqda "Xorazm" telekanalining "Jinoyat va adolat" ko‘rsatuvida ma’lum qilindi.
Angrendagi ayanchli YTH tafsilotlari ochiqlandi
Xabarda aytilishicha, Yangiariq tumani "Achchiquyi" mahallasida yashovchi 1982-yilda tug‘ilgan shaxs 24-may kuni kechga tomon "Neksiya-2" avtomobilini boshqarib ketayotib Yangiariq—Xonqa yo‘lining 14-kilometrida yo‘l chetidagi tumandagi maktablarning birida tahsil oluvchi 6 nafar 11-sinf bitiruvchilarini urib yuborgan.
Avtomobilning o‘zi esa yo‘l yoqasidagi ariqqa ag‘darilib tushgan.
Avariya oqibatida jabrlanuvchilarning 3 nafari voqea joyida, yana bir nafari esa shifoxonada olgan tan jarohatlari oqibatida vafot etgan. Shuningdek, ikki nafar o‘quvchi og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga joylashtirilgan.
Haydovchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.