TOShKENT, 26-may — Sputnik. O‘zbekistonning Olmatadagi Bosh konsulxonasi mamlakat fuqarolariga joriy yil 5-iyun kuni Qozog‘iston hududida chet elliklarning vaqtinchalik bo‘lish muddati tugashini eslatdi.
Qayd etilishicha, Qozog‘istonda COVID-19 pandemiyasi munosabati bilan xorijliklarni mamlakatdan chiqib ketishiga imkoniyat bo‘lmagani bois vaqtincha bo‘lib turish muddatlari bir necha marta uzaytirilgan va bu muddat 5-iyun kuni tugaydi.
Qozog‘iston hukumati chet elliklarni ma’muriy javobgarlikka tortilishining oldini olish maqsadida belgilangan muddatgacha mamlakat hududida qolishni qonuniylashtirishni so‘ramoqda.
Ta’kidlanishicha, Qozog‘iston chegara xizmati chet ellik fuqarolarning mamlakatdan to‘siqsiz qaytishi uchun barcha chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Maqomlarini qonuniylashtirmagan chet elliklar jarimaga tortilib, mamlakat hududidan chiqarib yuboriladi.
“Bosh konsulxona O‘zbekiston fuqarolariga Qozog‘iston hududida vaqtincha bo‘lib turish muddati tugagan bo‘lsa, maqomlarini qonuniylashtirish yoki 2021-yil 5-iyundan oldin mamlakat hududini tark etishni tavsiya qiladi”, - deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, koronavirus sabab vaqtincha to‘xtatib qo‘yilgan O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi muntazam parvozlar o‘tgan yili sentabr oyida rasman tiklangan edi.