TOShKENT, 26-may — Sputnik. Oliy Majlis Senati Kengashi 25-may kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Sardoba suv ombori to‘g‘onining o‘pirilishi oqibatida Sirdaryo viloyatidagi tadbirkorlarga yetkazilgan zarar uchun kompensatsiyani respublika budjetidan bosqichma-bosqich ajratish taklifini ma’qulladi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar bermoqda.
Joriy yil aprelida Hukumat komissiyasi baliqchilik, chorvachilik va parrandachilik yo‘nalishlariga ixtisoslashgan tadbirkorlik subyektlariga yetkazilgan zarar miqdorini qoplash hamda irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarini qurish-ta’mirlash ishlari uchun zarur bo‘ladigan mablag‘ miqdorini hisoblab chiqqan. U 126 mlrd so‘mni tashkil etgan.
“Shuningdek, Senat a’zolari joylarga chiqib tadbirkorlik subyektlari, fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar asosida mavjud holatni o‘rganib chiqqan edi. Bu masala Oliy Majlis Senati tomonidan doimiy nazoratga olingan”, - deyilgan xabarda.
Senat Kengashi talab etiladigan mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan bosqichma-bosqich ajratish taklifini ma’qulladi.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yil 1-may kuni Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori to‘g‘oni o‘pirilib, suv toshqini yuz bergan edi. Texnogen falokatning asosiy sabablari qilib loyihalashtirish, qurish va to‘g‘onning ekspluatatsiya jarayonida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar ma’lum qilingan edi. Oradan bir yil o‘tib 17 nafar “Sardoba ishi” aybdorlariga sud hukmi o‘qildi.