TOShKENT, 23-may — Sputnik.Kongo Demokratik Respublikasi sharqidagi Niragongo vulqoni otilishi sabab kamida besh kishi halok bo‘ldi. Bu haqda mamlakatning Shimoliy Kivu viloyati gubernatori general-leytenant Konstan Ndima ma’lum qilgan.
Aniqlik kiritilishicha, aholini Goma shahridan evakuatsiya qilish vaqtida ro‘y bergan yo‘l-transport hodisasida besh kishi halok bo‘lgan.
Konstan Ndimaning so‘zlariga ko‘ra, shaharda talonchilik, marodorlik jinoyati qayd etilgan. Shuningdek, mahbuslarning markaziy qamoqxonadan qochib ketishga urinish holatlari kuzatilgan.
Afrikaning eng faol vulqonlaridan biri Niragongoning otilishi 22-may kuni boshlangan. Gomaning shimoli-sharqiy qismlarida evakuatsiya e’lon qilingan. Yetti mingga yaqin kishi shahardan qo‘shni Ruanda davlatiga qochib ketgan. Guvohlar ikkita yirik lava otilganini xabar qilmoqda. Vulqon otilishi 23-may kuni ertalab to‘xtagan.