TOShKENT, 20-may — Sputnik. Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Rudenko Afg‘onistondagi AQSh qo‘shinlarining Markaziy Osiyo davlatlariga ehtimoliy joylashtirilishi yuzasidan izoh berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlariga o‘z xavfsizligini ta’minlashi uchun Amerika harbiylari kerak emas.
“Menimcha, Markaziy Osiyo davlatlari ularning hududida AQSh qo‘shinlarisiz o‘z chegaralari va ichki xavfsizligini ta’minlashi mumkin”, - dedi Andrey Rudenko “Valday” xalqaro munozara klubining Markaziy Osiyo konferensiyasi kuluarida.
Bundan avval “xizmat AQSh Afg‘onistondan olib chiqib ketilayotgan qo‘shinlarini qo‘shni davlatlarga joylashtirishga harakat qilayotgani haqida ma’lumotlarga ega”, - dedi RF tashqi razvedka xizmati direktori Sergey Narishkin. Rossiya nafaqat uning sheriklari, balki KXShT bo‘yicha ittifoqchilari ham bunga rozi bo‘lmasligiga umid qilmoqda, dedi u.
Undan oldin O‘zbekiston Mudofaa vazirligi: respublika hududida xorijiy harbiy bazalar joylashtirish mumkin emas, deb bayonot bergandi.
O‘zbekiston mudofaa doktrinasida mamlakat hududida xorijiy harbiy obyektlarini joylashtirish nazarda tutilmagan. Shuningdek, respublikaning harbiy sohadagi siyosati mamlakat qurolli kuchlarining tinchlikparvarlik operatsiyalari va chet eldagi qurolli mojarolarda qatnashmasligiga asoslangan.