TOShKENT, 20-may — Sputnik. Bosh prokuratura xalq deputatlari Andijon shahar Kengashi deputati prokuror taqdimnomasiga ko‘ra daxlsizlik huquqidan mahrum qilingani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Bayonotda ta’kidlanishicha, Andijon shahar prokuraturasi 3-mart kuni “Alliance R.C.” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 228 va 229-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish, o‘zboshimchalik) bilan jinoyat ishi ochgan va Andijon shahar IIO Tergov bo‘limiga yuborgan.
Aniqlanishicha, MChJga Andijon shahar hokimining 2017-yil 15-iyuldagi qarori bilan Andijon shahar, Bo‘ston dahasi, U.Yusupov ko‘chasida joylashgan 4 gektar yer maydoni ko‘p qavatli aholi turar joy binolari, kottej tipidagi turar joylar, savdo va xizmat ko‘rsatish shohobchalari, issiqxonalar, umumiy ovqatlanish va choyxona binolari qurish hamda mevali bog‘ yaratish uchun ajratilgan.
Biroq “Alliance R.C.” MChJ mansabdor shaxslari yer va shaharsozlikka oid qonun va meyoriy hujjatlarning talablariga amal qilmasdan o‘zboshimchalik bilan qurilish ishlarini boshlagan.
Shu bilan birga, qurilish ishlarini loyihalash va ruxsatnomalar olish uchun asos hisoblangan “Arxitektura me’moriy rejalashtirish topshirig‘i”ni soxtalashtirib, qo‘shimcha ravishda yana 6 gektar yer maydonini qo‘shib olgan. Jami 10 gektar yer maydoniga qalbaki topografik chizma tayyorlashga erishgan.
Buning oqibatida mazkur 6 gektar yer maydoni doirasida shahar hokimining qarorlariga asosan yer uchastkalari ajratilgan tadbirkor hamda bir nechta fuqarolarning yerdan foydalanish huquqlari buzilgan.
Bundan tashqari, noqonuniy qurilish qilingan 0,36 gektar yer maydonlarini elektron auksion savdolarida sotish imkoniyati yo‘qotilgan va davlat budjetiga 190,8 mln so‘m miqdorda zarar yetkazilgan.
Tergovda “Alliance R.C.” MChJning rahbari hisoblangan Sh.K. xalq deputatlari Andijon shahar Kengashi deputati ekanligi aniqlangan.
To‘plangan hujjatlarga ko‘ra, deputat Sh.K.ni ayblash uchun asoslar yetarli deb topilgan va 6-may kuni shahar prokurori xalq deputatlari uni deputatlik maqomidan mahrum qilish to‘g‘risida taqdimnoma kiritgan.
Taqdimnoma 17-may kuni xalq deputatlari Andijon shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ko‘rib chiqilib, Sh.K.ning deputatlik maqomi bekor qilingan.
Ish bo‘yicha tergov harakatlarini har tomonlama, to‘la va xolisona o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida jinoyat ishi Izboskan tumani prokuraturasiga topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda xalq deputatlari Andijon shahar kengashining navbatdagi sessiyasida deputatlar tintuv qilingani, bir deputat daxlsizlik huquqidan mahrum qilingani haqidagi xabarlar tarqalgan edi.