Bu yil ham maktablardagi yakuniy imtihonlar bekor qilinadimi?

Joriy yilda barcha umumta’lim maktablarida bosqichli nazorat va yakuniy davlat imtihonlari o‘tkaziladi.
Sputnik
TOShKENT, 19-may — Sputnik. O‘zbekiston maktablarida yakuniy imtihonlar 26-maydan boshlanadi. Maktab karantinga yopilgan bo‘lsa, imtihonlar bekor qilinmaydi. Imtihonlar karantin muddati tugaganidan so‘ng o‘tkaziladi. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati rahbari Laylo Rustamova ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilda barcha umumta’lim maktablarida bosqichli nazorat va yakuniy davlat imtihonlari o‘tkaziladi. Imtihonlar o‘quvchilarning sog‘ligini himoyalash va karantin qoidalariga qat’iy rioya etgan holda o‘tkazilishi nazoratga olinadi.
26 maydan 2-iyunga qadar 5,6,7,8 va 10-sinf o‘quvchilari uchun bosqichli nazorat imtihonlari, 26-maydan 15-iyunga qadar 9 va 11-sinf bitiruvchilari uchun yakuniy davlat imtihonlari og‘zaki, yozma hamda test sinovlari shaklida o‘tkaziladi.
Imtihon savollari va materiallari mutlaqo bepul. Imtihon biletlari va namunaviy savollar Xalq ta’limi vazirligining rasmiy telegram kanaliga joylashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili koronavirus pandemiyasi sabab O‘zbekistonda maktablardagi yakuniy imtihonlar bekor qilingan edi. Maktablarga o‘quvchilarning yillik baholarini istisno tariqasida ushbu o‘quv yilining 3 ta chorak baholari asosida chiqarish tavsiya etilgan edi.