Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishi – Asadov

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning so‘zlariga ko‘ra, mintaqaning barcha mamlakatlari bilan faol izchil munosabatlar yo‘lga qo‘yilgan.
Sputnik
TOShKENT, 17-may — Sputnik. Markaziy Osiyo mamlakatlari O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Sputnik muxbirining savoliga javob berayotib ma’lum qildi.
Asadovning so‘zlariga ko‘ra, mintaqaning barcha mamlakatlari bilan faol izchil munosabatlar yo‘lga qo‘yilgan. Aprel oxirida prezident Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonga safar qildi. Mart oyi boshlarida Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ldi.
Shavkat Mirziyoyev iyun oyida Tojikistonga safar qiladi
Asadov kuni kecha Tojikiston bosh vaziri Kohir Rasulzoda Toshkentga kelgani va O‘zbekiston yetakchisi qabulida bo‘lganini eslatdi. Qolaversa, muntazam ravishda har hafta Markaziy Osiyo yetakchilari bilan telefon muloqotlari o‘tkazilmoqda.
“Epidemiologik vaziyatga kelib chiqqan holda iyun oyida Tojikistonga tashrif rejalashtirilgan. Bo‘lajak tashriflar haqida (Markaziy Osiyo mamlakatlariga – Sputnik.) sizlarni xabardor qilamiz”, - dedi u brifing davomida.
Shuningdek, Asadov boshqa davlatlarga safar qilish qarori pandemiya bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanishiga qarab qabul qilinishini qo‘shimcha qildi.