TOShKENT, 16-may — Sputnik. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) prezidenti Abdusalom Azizov barcha klublar rahbarlari va bosh murabbiylari bilan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.
Unda O‘FA rahbariyati har bir jamoada mavjud muammolar tinglagan. Ularni moddiy va tashkiliy masalalarda qo‘llab-quvvatlash mavzusi ko‘tarildi.
“Shuningdek, so‘nggi paytlarda chempionatlarda ko‘p uchrayotgan tartibsizliklar tanqid qilindi. Murabbiylar kelishilgan o‘yinlar kabi illatlarga aralashmaslik borasida jiddiy ogohlantirildi”, - deyilgan xabarda.
Klublar vakillari ko‘tarilgan muammoli masalalar yuzasidan O‘FA mas’ullariga topshiriqlar berildi. Murabbiylar malakasini oshirish, klubda rahbar va murabbiy vakolatlarini tartibga keltirish, yosh futbolchilar yetishtirishga yanada jiddiy e’tibor qaratish, saviyasiz legionerlar muammosini bartaraf etish, VAR tizimini takomillashtirish hamda stadionlarning yoritish uskunalarini jahon standartlariga moslash kabi masalalarda vazifalar belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston superligasining 5-turi doirasidagi “Navbahor” – “Paxtakor” uchrashuvida tartibsizliklar yuzaga kelib, hakamlar va poytaxt jamoasiga turli buyumlar uloqtirilgan edi. Undan avval esa “Neftchi” — “Turon” uchrashuvidan keyin “Neftchi” futbolchilari va muxlislari hakamlarga hujum qilishgan edi.