TOShKENT, 13-may — Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat musulmonlarini Ramazon hayiti bilan tabrikladi. Tabrik Kreml saytida chop qilingan.
“Rossiyada islom izdoshlari ota-bobolarining ko‘p asrli tarixiy, diniy, madaniy an’analariga buyuk ehtirom bilan qarashadi, ularni avaylab avloddan-avlodga berib kelishmoqda”, - deyiladi Rossiya yetakchisi tabrigida.
Putin musulmonlar mamlakat hayotida faol ishtirok etayotgani, davlat va jamoat tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlayotgani hamda xayriya, ta’lim va ma’rifiy tashabbuslarga e’tibor qaratayotganini ta’kidlagan.
Shuningdek, u odamlarga qiyinchilikni yengishga yordam berayotgan musulmon tashkilotlarining fidokorona faoliyatini alohida qayd etgan.
Bu yil dunyo mo‘min-musulmonlari ulug‘ va muborak ayyom – Ramazon hayitini 13-may kuni nishonlashmoqda.