Dunyo mediagigantlariga serverlarini O‘zbekistonga ko‘chirishga oid talabnomalar yuborildi

Qonunchilikka ko‘ra, o‘zbekistonliklarning shaxsiy ma’lumotlari O‘zbekiston hududida joylashishi kerak. Aks holda, qator kompaniyalar jarimaga tortilishi mumkin.
Sputnik
TOShKENT, 13-may — Sputnik. Telegram, Facebook, TikTok, Google va Yandex kabi ijtimoiy tarmoqlar va internet-kompaniyalar 16-apreldan boshlab O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini mamlakat ichida joylashgan serverlarda qayta ishlashga majbur. Bu “Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunning 27−1-moddasida ko‘zda tutilgan.
Ushbu qoidaning ijrosi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida o‘rganildi.
Yig‘ilishda "Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida"gi qonunning 20-moddasi hamda ushbu hujjatning 15-aprel kuni kuchga kirishi nazarda tutilgan 271-moddasi ijrosini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi axboroti tinglangan.
Xususan, shaxsga doir ma’lumotlarga axborot texnologiyalaridan foydalangan holda ishlov berishda, shu jumladan, Internet tarmog‘ida ishlov berishda ularni jisman O‘zbekiston hududida joylashgan texnik vositalarda yig‘ilishi va saqlanishini ta’minlash maqsadida xorijda faoliyat yuritayotgan Facebook Inc (Facebook Messenger, Instagram, WhatsApp), Google (Google Messenger, YouTube), Mail.ru (Vkontakte, Odnoklassniki), Microsoft Skype, Telegram, Tencent Wechat, TikTok, Twitter, Yandex (Yandeks.taksi, Yandeks.karti, Yandeks.messenjer, Yandeks.dengi) kompaniyalariga qonunchilik talablarini bajarish haqida murojaat xatlari yuborilgan.
Shuning bilan birga, “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 20-moddasi talablarining ijrosini ta’minlash maqsadida yaratilgan pd.gov.uz axborot tizimi orqali shaxsga doir ma’lumotlar bazalari mulkdor va (yoki) operatorlarini shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining Davlat reyestri ro‘yxatidan o‘tkazish ishlari olib borilmoqda.
Deputat Shuhrat Sharafutdinov qonunchilikka bunday normalarning kiritilishi fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklarini ta’minlashdan iborat ekanini aytib, bu huquq Konstitutsiyaning 13- va 27-moddalari bilan mustahkamlab qo‘yilganini qayd etgan.
O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini mamlakatda saqlash majburiy bo‘ladi
Deputatlarning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda mazkur ijtimoiy tarmoqlar va internet kompaniyalarga turli kiberhujumlar uyushtirib kelinmoqda. Natijada O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlari ham o‘g‘irlangan.
Qonun normasi kuchga kirganiga 1 oy bo‘lgan bo‘lsada vakolatli davlat organi tomonidan mazkur soha bo‘yicha ko‘zga ko‘rinadigan natijalarga erishilmaganligi deputatlarning jiddiy e’tiroziga sabab bo‘ldi, deyiladi Oliy Majlis quyi palatasining xabarida.