TOShKENT, 12-may — Sputnik. Yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari hajmi 1,99 mlrd dollarni tashkil etib, 2020-yilning mos davriga nisbatan 663 mln dollarga oshdi. Bundan Markaziy bank ma’lumotlari darak bermoqda.
Yanvar oyida O‘zbekistonga 427 mln dollar, fevralda 464 mln dollar jo‘natilgan. Martda mamlakatga 525 mln dollar, aprelda esa 577 mln dollar kelib tushgan.
Shu bilan bir qatorda, chet elga yuborilgan xalqaro pul o‘tkazmalari miqdori 478 mln dollarga yetdi. Natijada transchegaraviy pul o‘tkazmalari bo‘yicha ijobiy saldo qariyb 1,52 mlrd dollarga yetdi.
Eslatib o‘tamiz, yanvar-mart oylarida O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari hajmi 1,42 mlrd dollarni tashkil etgan edi.
O‘tgan yili esa O‘zbekistonga 6 mlrd dollardan ziyod pul o‘tkazmalari kelib tushgan.