TOShKENT, 6-may — Sputnik. Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon respublikaning O‘zbekistondagi yangi elchisini tayinladi.
"Rahmonzoda Abdujabbor Azizi Tojikiston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlansin", - deyilgan hujjatda.
Abdujabbor Rahmonzoda 1959-yil 15-martda Ko‘lob shahrida tug‘ilgan. Filologiya fanlari doktori, professor.
U respublikaning Televidenie va radioeshittirish qo‘mitasi raisi, ta’lim vaziri, Sadriddin Ayniy nomidagi Tojikiston davlat pedagogika universiteti rektori lavozimlarida ishlagan.
2014 yil 15-dekabrdan u Tojikiston prezidentining ijtimoiy rivojlanish va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha yordamchisi bo‘lib ishlagan.