Soliqchilar daromadlar deklaratsiyasini topshiradi

Davlat soliq xizmati organining har bir xodimi ko‘char va ko‘chmas mulklari, boshqa aktivlari, shuningdek hisobot yilida olgan daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda deklaratsiya taqdim etishi shart bo‘ladi.
Sputnik
TOShKENT, 6-may — Sputnik. Davlat soliq xizmati organlarining barcha xodimlari 2020-yilda olgan daromadlari va egaligida bo‘lgan aktivlari to‘g‘risida 2021-yilning 1-sentabriga qadar hamda kelgusi yildan boshlab har yili 1-aprelga qadar deklaratsiya taqdim etishi nazarda tutilmoqda. Bu haqda DSQ matbuot xizmati xabar qildi.
Deklaratsiyalarni qayta ishlash natijasida olingan axborotlar shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilik talablaridan kelib chiqib, jamoatchilik uchun ochiq holda maxsus ochiq.soliq.uz veb-saytiga joylashtirish taklif etilmoqda.
“Ma’naviy zarar 4,6 mlrd so‘m”: Davlat soliq qo‘mitasi Rasul Kusherbayevni sudga berdi
Endilikda davlat soliq xizmati organining har bir xodimi ko‘char va ko‘chmas mulklari, boshqa aktivlari, shuningdek hisobot yilida olgan daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda deklaratsiya taqdim etishi shart bo‘ladi.
“Bugungi kunda soliq organlari tizimida jami 10,3 ming xodim faoliyat yuritmoqda, ularning aksariyati yoshlardan iborat. Kasbiy faoliyatining dastlabki kunlaridanoq biz ularga “halollik vaksinasi”ni berishimiz va soliq organlaridagi xizmatning barcha bosqichlarida korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak”, - deyilgan xabarda.