Mashinistlar Qozog‘istonga 1 mln dollardan ortiq xorijiy valyutani olib chiqishga urindi

Yuk poyezdi elektrovozining xufiyona joylarida 971,50 ming dollar, 47,7 ming yevro, 3,4 mln Rossiya rubli topilgan.
Sputnik
TOShKENT, 4-may — Sputnik. Davlat xavfsizligi xizmati (DXX) 1 million dollardan ortiq xorijiy valyutani O‘zbekistondan noqonuniy olib chiqib chiqib ketishga uringan uch kishini qo‘lga oldi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar qildi.
Avvaliga Qozog‘istonga ketayotgan “O‘zbekiston temir yo‘llari”ning 2 nafar mashinisti qo‘lga olingan. Ular boshqargan yuk poyezdi elektrovozining xufiyona joylarida 971 ming 50 AQSh dollari, 47 ming 720 yevro, 3 mln 424 ming 500 Rossiya rubli topilgan.
Shuningdek, mazkur elektrovoz qayta tekshiruvdan o‘tkazilganda mashinist o‘rindig‘i ostiga yashirib qo‘yilgan qo‘shimcha 1 ming 50 AQSh dollari ham aniqlangan.
Fuqaro O‘zbekistonga snayper miltig‘ining nishonga olish moslamasini olib kirishga urindi
Ushbu xorijiy valyutalarning milliy valyutadagi umumiy qiymati 11 mlrd 277 mln 447 ming so‘mni tashkil etadi.
Dastlabki surishtiruv jarayonlarida Qozog‘istonga olib o‘tish uchun mazkur valyutalarni mashinistlarga Toshkent viloyati Zangiota tumanida yashovchi fuqaro berganligi ma’lum bo‘lgan. Tezkor tadbir davomida u ham qo‘lga olingan.
Xorijiy valyutalarni qo‘shni davlatga noqonuniy o‘tkazib berish evaziga mashinistlar 300 AQSh dollari olishgan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 182-moddasi (Bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish) bilan jinoyat ish ochilgan.