TOShKENT, 2-may - Sputnik. O‘zbekistonda 20 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar orasida koronavirusga chalinish holati deyarli ikki barobarga ortdi. Bu haqda Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Doniyor Mirazimov "O‘zbekiston 24" telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
"Afsuski, aprel oyi ham kasallar soni o‘sishda davom etdi. O‘ziga xos jihatlaridan, kasallik yasharganini qayd etilish mumkin. Ya’ni koronavirusga chalinganlar, jumladan, uning og‘ir shakli bilan og‘riganlarning yosh toifasi — 20 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lganlar qariyb ikki barobarga ortdi. Bunda odamlar epidemiologik rejimga rioya qilmay qo‘ygani katta rol o‘ynadi", — deydi Mirazimov.
"Barchamizga sir emaski, yana ommaviy tantanalarni o‘tkazish boshlandi, bozorlar va jamoat joylaridagi odamlar deyarli niqob taqmay qo‘ydi. Odamlarda ehtiyotkorlik yo‘qoldi va bu o‘z rolini o‘ynadi. Pandemiyani tugatish borasidagi eng katta umidimiz — bu vaksinatsiya bo‘lib, 1-maydan uning ikkinchi bosqichi boshlanadi", — deya qayd etadi shifokor.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 30-aprel kuni koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bilan bog‘liq 442 ta yangi holat ro‘yxatga olindi — bu kunlik kasallanish bo‘yicha 2021-yilning eng yuqori ko‘rsatkichidir. Koronavirusga chalingani rasman tan olinganlar soni 91 250 nafar, COVID-19’ga qarshi emlanganlar soni esa 797 781 nafarga yetdi.