TOShKENT, 30 apr – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonga amalga oshirilayotgan tashrifi doirasida Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda prezidentlar ikki mamlakat xalqlarining ko‘p asrlik do‘stlik va qo‘shnichilik rishtalarini hamda strategik sheriklik munosabatlarini izchil mustahkamlashga kelishib olishdi.
Shuningdek, muzokaralarda, keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi uch barobardan ziyodga ko‘paygani qayd etildi. O‘zaro savdo hajmi 2020-yil yakunlariga ko‘ra 530 million dollarga yetgani hamda 150 dan ortiq qo‘shma korxona tashkil etilgani qayd etildi.
Undan tashqari, tomonlar xalqaro transport va tranzit yo‘lagini yaratish to‘g‘risidagi “Ashxobod bitimini” bundan buyon ham birgalikda ilgari surish, shuningdek, “Xitoy – Markaziy Osiyo – Janubiy Kavkaz – Turkiya” multimodal marshrutining samarali ishlatilishini ta’minlash va transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekani ta’kidlashdi.
Shavkat Mirziyoyev Prezidenti Turkmaniston rahbariga Ashxobod shahrida “Toshkent” bog‘ini tashkil etish tashabbusi uchun alohida minnatdorlik bildirdi.
Prezidentlar yaqin vaqt ichida Toshkent shahrida Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik va madaniy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Turkmaniston hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib olishdi.