TOShKENT, 28 apr — Sputnik. Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi Qashqadardyo viloyati Chiroqchi tumanida A-378 avtomobil yo‘lini to‘sgan ayollar muammosini nazoratga oldi.
Qo‘mita raisi Qutbiddin Burhonovning ma’lum qilishicha, tumanda yashovchi aholi vakillarini qiynayotgan muammolar yuzasidan qilinishi lozim bo‘lgan ishlar o‘rganiladi.
“Natijalari yuzasidan batafsil axborot beriladi”, - dedi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chiroqchi tumanida bir guruh ayollar Qarshi—Samarqand avtomobil yo‘lini to‘sib, avtomashinalar harakatlanishiga to‘sqinlik qilgani xabar qilingan edi. Ular farzandlari avtomobil yo‘lini kesib o‘tishlari xavfli ekanini aytib, Qumdaryo mahallasida tezroq maktab qurib berishni talab qilishgan. Qashqadaryo viloyati hokimligi 1-sentabr kuni yangi maktab foydalanishga topshirilishini ma’lum qildi.