TOShKENT, 27 apr — Sputnik. Bugun, 27-aprel kuni, Toshkent shahriga Rossiyaning koronavirusga qarshi “Sputnik V” vaksinasi ikkinchi komponentining 50 ming dozasi keltirildi. Bu haqda Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar qildi.
Xabarda yozilishicha, 28-apreldan respublikada aholini “Sputnik V” vaksinasining birinchi komponenti bilan emlash boshlanadi.
“Umid qilamizki, bu O‘zbekistonga epidemiyani tezroq yengishiga, karantin cheklovlarini bekor qilishiga va odatiy hayotga qaytishiga yordam beradi”, - deyilgan elchixona xabarida.
Eslatib o‘tamiz, 23-aprel kuni O‘zbekistonga "Sputnik V" vaksinasining dastlabki partiyasi olib kelingan edi. O‘zbekiston Rossiyadan 1 mln doza vaksina xarid qilishni rejalashtirgan. Bu bilan 500 ming nafar aholini to‘liq emlash ko‘zda tutilgan.