TOShKENT, 27 apr — Sputnik. Toshkent viloyati Nurafshon shahridagi ikki qavatli uyda gaz portlashiga xonadon egasining gaz o‘g‘irlashi oqibatida kelib chiqqan. Bu haqda “Hududgazta’minot” matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, voqea joyida FVV xodimlari bilan birgalikda “Hududgaz Toshkent” gaz ta’minoti filiali xodimlari ish olib borgan.
“O‘rganishlar jarayonida maishiy ehtiyoj uchun tabiiy gazni o‘g‘irlash natijasida 2 qavatli binodagi uylardan birining xonasida tabiiy gaz to‘planishi sodir bo‘lganligi aniqlandi”, - deyilgan xabarda.
Xonadon egasi hisoblagichni olib tashlab, gaz quvurlarini kanalizatsiya sifoni orqali ulab qo‘yishi tabiiy gaz sizib chiqishiga sabab bo‘lgan.
“Hududgazta’minot” AJ iste’molchilardan tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzmaslik, maishiy foydalanishda nostandart gaz uskunalari va qo‘lbola moslamalarni ishlatmaslikni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nurafshonda gaz portlashi oqibatida bir kishi qurbon bo‘lgani xabar qilingan edi.