TOShKENT, 26 apr — Sputnik. Toshkent xalqaro aeroportiga kirib borishdagi anchadan beri yopiq yotgan estakada yo‘li ochilishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
Bu rejalar prezident Shavkat Mirziyoyevga “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports” kompaniyalarini transformatsiya qilish borasidagi taqdimot davomida ma’lum qilingan.
“Yana bir yangilik – Toshkent xalqaro aeroportiga kirib borishdagi anchadan beri yopiq yotgan estakada yo‘li ochilishi kutilmoqda. Bu ham yo‘lovchilarga katta qulayliklar yaratadi”, - dedi Asadov brifingda.
Shuningdek, Fransiya fuqaro aviatsiyasi milliy maktabi bilan birgalikda Toshkent davlat transport universiteti tarkibida Fuqaro aviatsiyasi uchuvchilarini tayyorlash maktabi ochilishi kutilmoqda.