“Koronavirus bo‘roni”: Hindistonda jasadlar kechayu kunduz ko‘chada yoqilmoqda

Sputnik
TOShKENT, 26 apr — Sputnik. Hindiston koronavirus bo‘ronining qoq markaziga aylandi. Mamlakat bosh vaziri Narendra Modi millatga murojaat yo‘llayotib, shunday bayonot berdi.
“Hindistonni “koronavirus bo‘ron”i larzaga soldi”, — dedi u. Modi kasallanish sonining keskin ortishi munosabati bilan barcha fuqarolarni ehtiyot bo‘lishga va emlanishga chaqirdi, deya yozadi “Reuters”.
Agentlik hisob-kitoblariga ko‘ra, Nyu-Dehlida har to‘rt daqiqada bir kishi koronavirusdan o‘lmoqda. Butun mamlakat bo‘yicha har kuni COVID-19 dan 2 mingga yaqin o‘lim qayd etilmoqda, ammo norasmiy statistika bo‘lishi ham mumkin.
Qator OAVlar Dehli va boshqa shaharlarda vafot etayotganlar ko‘pligidan ularning jasadlarini kechayu kunduz ko‘chada yoqishga to‘g‘ri kelotgani haqida yozmoqda.
Mamlakatda epidemiologik vaziyat bunchalik og‘irlashib ketishiga koronavirusning yangi, “hindcha” turi sabab bo‘lgani inkor qilinmayapti.
Hindiston COVID-19 bilan kasallanish bo‘yicha dunyo rekordini o‘rnatmoqda: sutkasida 300 mingdan ziyod kishi virus yuqtirib olmoqda.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Hindistonda 17 milliondan ziyod kishi kasallangan, shulardan 195 ming nafari qurbon bo‘lgan.