TOShKENT, 24 apr - Sputnik. Tadbirkorlar tomonidan qoidabuzarliklarni aniqlash uchun kameralar o‘rnatish tartibi belgilandi. Bu haqda Hukumatning tegishli qaroriga tayangan holda O‘zA xabar bermoqda.
Hujjatga ko‘ra, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari o‘rnatilishi mumkin bo‘lgan joylarning dislokatsiyasi ishlab chiqiladi hamda “E-IJRO AUKSION” platformasi orqali onlayn auksionga qo‘yiladi.
Tizim o‘rnatilishi mumkin bo‘lgan joy dislokatsiyasi, mazkur hududdagi transport oqimi va oxirgi 2-yilda aniqlangan qoidabuzarliklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ochiq e’lon qilinadi.
O‘rnatiladigan joylarning boshlang‘ich narxi 735.000 so‘mdan 8.575.000 so‘mgacha belgilandi.
Tizim o‘rnatilgach 10 kun davomida sinov tariqasida ishlatiladi va bu davrda qayd etilgan qoidabuzarliklar bo‘yicha jarima undirilmaydi.
Tadbirkorlik subyektlariga tizim ishga tushirilgan kundan boshlab 1-yil davomida qayd etilgan qoidabuzarliklardan undirilgan jarima summasining 50 foizi, ishga tushirilganidan 1-yil o‘tgach esa 25 foizi o‘tkazib beriladi.