Respublikadagi reklama bannerlarining yarmidan ko‘pi talabga javob bermaydi - MQKQ

Respublika hududlarida joylashtirilgan jami 12 318 ta tashqi reklama obyektlarining (konstruksiyalari)ning 7 108 tasi (57,7%) qaror talablariga muvofiq emasligi aniqlangan
Sputnik
TOShKENT, 24 apr - Sputnik. Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida yuzlab tashqi reklama konstruksiyarlari hech qanday huquqiy asoslar ko‘rsatilmasdan buzib tashlanayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Tadbirkorlar hozirga qadar 300 dan ortiq bannerlarni olib tashlagan hukumatning harakatini noqonuniy deb atab, bu borada tushuntirish talab qilmoqda. Biznes-ombudsman Toshkent shahrida tashqi reklama konstruksiyalari buzib yuborilishi qonuniyligini o‘rganmoqda.
AOKA va IIV narkotiklar reklamasi haqida xabar qiluvchi botni ishga tushirdi
Ijtimoiy tarmoqlar orqali tashqi reklama qurilmalarining Toshkent shahrida buzilish holatlari haqidagi videolar ko‘payib borayotgani tufayli Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi quyidagilarni ma’lum qilgan:
* O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining "Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida"gi qarori bilan tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) qurish, o‘rnatish, ularga yer ajratish, to‘lovlar miqdorini aniqlash, texnik jihatdan tartibga solish va boshqa masalalar yuzasidan yagona amal qiluvchi mexanizmlar joriy qilingan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining barcha tumanlarida tegishli tuman hokimliklarining qarorlariga asosan ishchi guruhlar tashkil etilib, barcha turdagi tashqi reklama obyektlari (konstruksiyalar) xatlovdan o‘tkazilgan. Natijalari bo‘yicha taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, respublika hududlarida joylashtirilgan jami 12 318 ta tashqi reklama obyektlarining (konstruksiyalari)ning 7 108 tasi (57,7%) qaror talablariga muvofiq emasligi aniqlangan. Shundan, Toshkent shahrida joylashgan 6 630 ta konstruksiyaning 3 207 tasi yoki 50 foizga yaqinida kamchilik aniqlangan.
Reklama o‘zbek tilida bo‘lishi kerak - bosh vazir
Qaror talablariga nomuvofiq deb topilgan 7 108 ta tashqi reklama obyektlarining (konstruksiyalarining) 2 094 tasi yo‘l qatnov qismida joylashganligi, 201 tasida oraliq masofaga rioya qilmaganligi, 1 353 tasining egasi aniqlanmagan hamda 3 460 tasida boshqa kamchiliklar (avtomobil yo‘llarining ajratuvchi bo‘lagida, xususan, yo‘lning yonma-yon joylashgan qatnov qismlarini ajratuvchi, transport vositalari harakatlanishi yoki to‘xtashi uchun mo‘ljallanmagan, yo‘l sathidan baland va (yoki) yotiq chizig‘i bilan belgilangan qismida hamda trotuar va piyodalar yo‘lkalarida, xavfsizlik orolchalarida joylashgan va boshqalar) aniqlangan.
Shundan, Toshkent shahrida joylashgan va qaror talablariga nomuvofiq deb topilgan 3 207 ta tashqi reklama obyektlarining (konstruksiyalarining) 1 459 tasi yo‘l qatnov qismida joylashganligi, 124 tasida oraliq masofaga rioya qilmaganligi, 1 104 tasining egasi aniqlanmagan hamda 520 tasida boshqa kamchiliklar (avtomobil yo‘llarining ajratuvchi bo‘lagida, xususan, yo‘lning yonma-yon joylashgan qatnov qismlarini ajratuvchi, transport vositalari harakatlanishi yoki to‘xtashi uchun mo‘ljallanmagan, yo‘l sathidan baland va (yoki) yotiq chizig‘i bilan belgilangan qismida hamda trotuar va piyodalar yo‘lkalarida, xavfsizlik orolchalarida joylashgan va boshqalar) aniqlangan.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi: "O‘zbekiston havo yo‘llari" — monopoliya subyekti
Qarorga muvofiq 2020-yil 31-dekabrga qadar birinchi darajali markaziy qatnov ko‘chalarida hamda 2021-yil 31-dekabrga qadar ikkinchi darajali markaziy qatnov ko‘chalarida joylashtirilgan tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) yuqori texnologiyali qurilmalarga bosqichma-bosqich o‘zgartiriladi.
Birinchi darajali markaziy qatnov ko‘chalarida faqat video ekranli va ikkinchi darajali markaziy qatnov ko‘chalarida aralash turdagi yuqori texnologiyali tashqi reklama obyektlari (konstruksiyalari) o‘rnatilishi nazarda tutilgan.
Tashqi reklama obyektlarini yuqori texnologiyali qurilmalarga o‘zgartirish ishlari belgilangan muddatlarda bajarilmagan taqdirda, bunday qurilmalar ularning egalari tomonidan o‘z kuchi bilan olib tashlanadi (demontaj qilinadi) va yer maydoni tartibga keltiriladi, aks holda qurilmalar sud tartibida tegishli hokimlik tomonidan demontaj qilinadi va barcha xarajatlar reklama obyektlari (konstruksiyalari) egalaridan undiriladi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bugungi kunda Toshkent shahrida o‘rnatilgan tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) tartibga keltirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarda qatnashayotgan barcha ishtirokchilarni qat’iy ravishda O‘zbekiston "Reklama to‘g‘risida"gi qonuni va Vazirlar Mahkamasining "Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida" qarori talablari asosida o‘tkazilishi, tashqi reklama obyektlari (konstruksiyalari) mamlakat shaharlari, shu jumladan Toshkent shahrining tashqi me’moriy qiyofasi saqlanishiga, shaharsozlik meyorlariga va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlanishiga hamda reklama to‘g‘risidagi qonun talablariga zid kelmasligiga chaqirgan.