TOShKENT, 24 apr – Sputnik. “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasida xodimlar tomonidan xizmatni o‘tash tartibini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Milliy gvardiya xodimlari:
- Milliy gvardiya tizimidagi ta’lim muassasalari va boshqa muassasalarning kunduzgi va sirtqi ta’lim shaklida tayyorlanadi;
- Milliy gvardiya o‘quv markazlarida belgilangan tartibda maxsus kasbiy (boshlang‘ich) tayyorgarlikdan o‘tkaziladi.
Shuningdek, Milliy gvardiya qo‘mondoni tavsiyasi asosida oliy noyuridik ma’lumotga ega bo‘lgan xodimlar egallab turgan lavozimi va pul ta’minoti saqlab qolingan holda Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filialida qayta tayyorlanadi.
Qarorga ko‘ra, pensiya olish huquqini beradigan xizmat muddati 20-yilni tashkil etadi, imtiyozli hisoblanadigan davr xodimlarga pensiya miqdori hisoblanayotgan vaqtdagina inobatga olinadi.
Milliy gvardiya xodimlarining farzandlari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga yashash yoki xizmatni o‘tash joyi bo‘yicha qabul qilinadi.
Shuningdek, Milliy gvardiyaning xizmat intizomi va benuqson uzluksiz xizmati uchun tashabbuskor va vijdonli xodimlarni taqdirlash maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining fidoyi xodimi” idoraviy ko‘krak nishoni ta’sis etildi.
Qaror bilan Milliy gvardiya xodimlarining xizmat o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, xizmatga ixtiyoriy ravishda yoshi 18 dan kichik va 30 dan katta bo‘lmagan, shu jumladan 30 yoshda Qo‘riqlash bosh boshqarmasi harbiylashtirilgan soqchilik bo‘linmalarining tegishli kasbiy tayyorgarlikka ega, tayyorgarlik mashg‘ulotlari va tanlov bosqichlaridan o‘tgan ishchi va xizmatchilari orasidan (bundan tor doiradagi mutaxassislikka ega bo‘lgan nomzodlar mustasno) tanlab olish orqali O‘zbekiston fuqarolari qabul qilinadi.
Nomzod doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan joyidagi Milliy gvardiya bo‘linmalariga tegishli hujjatlarni taqdim etadi.