TOShKENT, 24 apr – Sputnik. Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko agar davlat rahbari “kutilmaganda” o‘z majburiyatlarini bajara olmay qolgan taqdirda, hukumat kimga o‘tishi haqida ma’lum qildi. Uning so‘zlaridan BelTA iqtibos keltirgan.
Ilgariroq belarus yetakchisi muhim qonun loyihasi qabul qilinishini e’lon qilgan, ammo tafsilotlarni keltirib o‘tirmagan edi.
"Aytingchi, agar bordiyu, ertaga prezident yo‘q bo‘lsa, siz hammasi normal bo‘lishini kafolatlaysizmi? Yo‘q. Shuning uchun mana shunday holatlar uchun har ehtimolga qarshi yaqin kunlarda Belarusda hukumat qanday tuzilishi to‘g‘risida dekretni imzolayman. Prezidentni otib o‘ldirishsa – ertaga Xavfsizlik kengashi vakolatlarga ega bo‘ladi. Favqulodda holatni shu onning o‘zida e’lon qilish kerak, kerak bo‘lsa harbiy holat e’lon qilinsin, bordiyu chegarada kimdir g‘imirlaydigan bo‘lsa. Va shunday taqdirda Xavfsizlik kengashi qaror qabul qilishi kerak bo‘ladi”, - dedi belarus yetakchisi.
"Shu bois, men ushbu dekretni imzolashimni va “bordiyu” bo‘lgan taqdirda mamlakatni kim boshqarishini aniqlashimni aytgan edim”, - deb qo‘shimcha qildi u.
Shu bilan birga Belarus prezidenti bunday variant sodir bo‘lishi ehtimoli kamligini qo‘shimcha qildi.
Shuningdek, Lukashenko bu dekret haqidagi qaror u tomonidan allaqachon qabul qilinganini aytgan.
Agar prezident o‘z majburiyatlarini bajara olmay qolgan taqdirda mamlakat boshqaruvi Xavfsizlik kengashi zimmasiga yuklatiladi.
"Ha, rais bo‘ladi: prezident bo‘lmasa, majburiyatlarni bosh vazir bajaradi.
U raislik qiladi, ammo barcha qarorlar yashirin ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinadi, toki bosim bo‘lmasin. Qolgan barcha masalalarni Xavfsizlik kengashidagilar hal etadi”, - degan Lukashenko.