TOShKENT, 23 apr – Sputnik. O‘zbekiston joriy yilda xizmatlar sohasiga 500 million dollar ajratmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 22-aprel kuni hududlarda xizmat ko‘rsatish sohasi yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Ta’kidlanishicha, mablag‘lar budjetdan va Milliy bank tomonidan ajratiladi.
Yig‘ilishda har bir hududning o‘ziga xosligidan kelib chiqib, xizmatlarni kengaytirish, yangi xizmat turlarini yo‘lga qo‘yish, ilg‘or tajribalar va namunaviy loyihalarni joriy etish bo‘yicha yangi metodologiya yaratish zarurligi ta’kidlandi.
Buning uchun, O‘zbekiston milliy banki huzurida xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha loyiha-tahliliy markazi tashkil etiladi va barcha viloyatlardagi filiallarida uning bo‘limlari ochiladi. Ularda aholiga namunaviy tayyor biznes loyihalari taqdim etiladi, kasbga o‘qitishdan biznesni yo‘lga qo‘yishgacha bo‘lgan kompleks xizmatlar ko‘rsatiladi.
“Topshiriq berishdan oldin sharoit yaratayapmiz, pullar ajratayapmiz. Birgina xizmatlar sohasiga 500 million dollar berapmiz. Buni agar halol-pok ishlatsak, necha ming ishchi joy paydo bo‘ladi. Har bir vazir vatanparvar bo‘lib, “o‘zining aravasini o‘zi tortib”, berilgan bir so‘m pulni qadrlab, joyiga yetkazsa, odamlar ishonadi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Servisni aholiga yaqinlashtirish maqsadida mahallalarda yengil konstruksiyalardan xizmatlar markazi barpo etish muhimligi ta’kidlandi. Shuningdek, 28 ta shahar hamda aholisi 150 mingdan ko‘p bo‘lgan tuman markazlarida savdo va xizmatlar uchun maxsus ko‘chalar tashkil etilishi belgilandi. Ularda 100 mingta tadbirkorlik subyektlarini joylashtirish imkoni mavjud.
Qurilish vazirligiga viloyat hokimlari bilan birga, savdo va xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan ko‘chalar hamda markazlarning joyini tanlab, loyihasini ishlab chiqish, lotlarga bo‘lib, tanlov asosida savdoga chiqarish topshirildi. Xavfsizlik choralarini ko‘rib, ushbu savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarining kunu tun ishlashiga ruxsat berilishi ham mumkin.
Ko‘p tarmoqli shifoxonalar va uning atrofida xususiy sheriklik asosida tibbiyot klasterlari, oliy o‘quv yurtlari hududida xorijiy tillar, tayyorlov va kasbga o‘rgatish kurslari tashkil etish bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.