TOShKENT, 22 apr — Sputnik. Rossiyaning “Royal Flight” aviakompaniyasi O‘zbekistonga muntazam qatnovlarni amalgan oshirish uchun ruxsatnoma oldi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
“O‘zaviatsiya” agentligi Rossiya aviakompaniyasiga 2021-yil 21-aprel kuni Moskva – Andijon - Moskva yo‘nalishida muntazam parvozlarni amalga oshirish uchun ekspluatatsion ruxsatnoma bergan.
Ta’kidlanishicha, “Royal Flight” parvozlarni Boeing 757-200 havo kemasida amalga oshiradi.
Avvalroq Rossiyaning “Red Wings” aviakompaniyasi Yekaterinburg va Chelyabinskdan O‘zbekiston shaharlariga parvozlar amalga oshirishni rejalashtirayotgani xabar qilingan edi.
Eslatib o‘tamiz, 1-apreldan koronavirus sabab vaqtincha to‘xtatib qo‘yilgan O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi muntazam parvozlar qayta tiklangan. Ular haftasiga ikki marotaba amalga oshirilmoqda. Qolgan parvozlar esa maxsus charter reyslar hisoblanadi.
Muntazam parvozlar Rossiyaning "Aeroflot" kompaniyasi tomonidan "Moskva — Toshkent — Moskva" yo‘nalishida har yakshanba kunlari amalga oshiriladi. "UzAirways" esa "Toshkent — Moskva — Toshkent" yo‘nalishi bo‘yicha har shanba kunlari uchadi.