Xivada noan’anaviy ko‘rinishdagi qadimiy quduq topildi

“Ichan qal’a” davlat muzey qo‘riqxonasida qadimiy quduq topildi. U taxminan bundan 100-150 yil oldin qurilgan.
Sputnik
TOShKENT, 21 apr — Sputnik. Xiva shahrining “Ichan qal’a” davlat muzey qo‘riqxonasida qadimiy quduq topildi. Bu haqda Fanlar akademiyasi axborot xizmati xabar bermoqda.
Quduqqa qo‘riqxona hududida ta’mirlash ishlari vaqtida duch kelingan. Uning noan’anaviy ko‘rinishi turli xil farazlarga sabab bo‘lmoqda.
Chunki bu quduq boshqa suv quduqlari kabi pastdan tepaga torayib ketmasdan uning barcha qismida diametri bir xil ya’ni, 2,6 metrni tashkil qiladi. Chuqurligi 5,6 metrga teng.
Shov-shuvlarga sabab bo‘lgan Surxondaryodagi topilma haqida ma’lumot berildi
Qadimgi an’anaga ko‘ra, quduqning asosi, ya’ni poydevor qismiga Xorazm sharoitida ko‘p uchraydigan daraxt, tut yoki gujumdan yog‘och poydevor o‘rnatilgan. Yog‘ochning qalinligi 16 sm atrofida. Quduq devorlariga 25x25x6 sm o‘lchamdagi pishgan g‘isht nozik did bilan terilgan. G‘ishtlar yuzasida rombsimon belgilar mavjud.
Quduq taxminan bundan 100-150 yil oldin qurilgani taxmin qilinmoqda.
Hozir olimlar mazkur quduqdan aynan nima maqsadda foydalanilganligini ilmiy jihatdan o‘rganmoqda.