TOShKENT, 21 apr - Sputnik. O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanganlar soni 450 ming nafardan oshdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.
Xabarga ko‘ra, kechaning o‘zida mamlakat hududlari bo‘ylab jami 27 828 nafar kishi COVID-19 ga qarshi emlangan. ️Shu tariqa ayni kungacha O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlangan fuqarolar soni 458 555 nafarga yetgan.
Koronavirusga qarshi emlangan jami aholi soni: Farg‘ona viloyatida 66 381 nafar, Namangan viloyatida 47 841 nafar, Andijon viloyatida 46 639 nafar, Samarqand viloyatida 43 394 nafarni tashkil qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston SSV rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda koronavirus infeksiyasiga chalinganlar soni 88 mingga yaqinlashmoqda.
So‘nggi kunlarda Yevropa davlatlarida, jumladan Rossiyada ham koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat keskin tus olmoqda. Virusni yuqtirib olayotganlar soni ortmoqda.
Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (BSST) Yevropa mintaqasining aksariyat qismida COVID-19 bilan kasallanish yangi holatlarining ko‘payishidan "ogohlantiruvchi belgilarni" qayd etmoqda, deya xabar qilgan Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Rossiyadagi vakolatxonasi RIA Novosti XAAga.
"So‘nggi ikki hafta ichida mintaqadagi umumiy kasalliklar soni 6 foizga, o‘limlar soni esa 5 foizga o‘sdi. Qator mamlakatlar kasallik sonini 2020-yildagi "pik darajaga" nisbatan kamaytirishda jiddiy muammolarga duch kelishdi", deb qo‘shimcha qilgan tashkilot rasmiylari.