TOShKENT, 20 apr — Sputnik. Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti Jamoat xavfsizligi universiteti etib qayta tashkil etildi.
“Jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida professional kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti Jamoat xavfsizligi universiteti etib qayta tashkil etildi.
Universitet quyidagilar uchun malakali kadrlar tayyorlaydi:
- IIV va Milliy gvardiya uchun – jamoat tartibini, yo‘l harakati xavfsizligi va pasport tizimi talablarini amalga oshirish;
- Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun – harbiy diplomatiya, yurisprudensiya va iqtisodiyot hamda muhandislik-texnik, tarbiyaviy-psixologik va qo‘mondonlik-taktik faoliyat sohasida;
- qo‘riqlash tuzilmalariga ega organlar uchun – qo‘riqlash sohasining barcha yo‘nalishlarida.
2021/2022 o‘quv yilidan Universitetda bakalavriat va magistratura tizimi joriy etiladi.
Qabul kvotasi bakalavriatga 300 tagacha kursantlarni, sirtqi ta’lim uchun 100 nafargacha tinglovchini tashkil etadi.