TOShKENT, 20 apr — Sputnik. Toshkent viloyatidagi 14 ta maktab va 15 ta sinf karantinga olindi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
O‘rta Chirchiq tumanidagi 3, 54-sonli maktablar, Bo‘ka tumanidagi 2-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi, Chirchiq shahridagi 8, 9-sonli, Piskent tumanidagi 36-sonli, Parkent tumanidagi 22,51-sonli, Toshkent tumanidagi 9,12,17,18-sonli hamda Olmaliq shahridagi 17-maktab, Nurafshon shahridagi 1-sonli maktablar o‘qish jarayonlarini to‘liq onlayn olib borishapti.
Shuningdek, O‘rta Chirchiq tumanidagi 50-sonli umumta’lim maktabining 3 ta sinfi, Bo‘ka tumanining 6-maktabning 8 ta sinfi va 15-maktabning ham 1 ta sinf, Zangiota tumanidagi 34 sonli umumta’lim maktabining 3 ta sinflari onlayn rejimiga o‘tkazilgan.
Mazkur maktablarning 30 nafar o‘quvchilari hamda 25 nafar o‘qituvchilarda koronavirus aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, maxsus komissiya yig‘ilishida Abdulla Aripov koronavirus 11-15 foiz holatda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida qayd etilayotganini ma’lum qilgan edi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari Bahodir Yusupaliyev taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar mamlakatda koronavirus bilan kasallanayotganlarning o‘rtacha 13-15 foizini tashkil etadi.