TOShKENT, 14 apr — Sputnik. O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturini tasdiqladi.
Asosiy tadbirlar dasturida saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish, ushbu jarayonda axborot-tushuntirish ishlarini tashkil etish, saylovga tayyorgarlik jarayonini koronavirus pandemiyasi sharoitini hisobga olgan holda o‘tkazish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
MSK majlisida O‘zbekiston prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzolarni to‘plash va imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirish tartibi, nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibiga doir nizomlar qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda prezident saylovlari dekabr oyidan oktabrga ko‘chirilgan edi. Saylovlar joriy yil 24-oktabr kuni bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.