Rossiya Turkiya bilan parvozlarni vaqtincha to‘xtatishga qaror qildi

Bunga Turkiyada koronavirusning tez tarqalishi sabab bo‘lgan. U yerda har kuni rekord darajada kasallanish holatlari aniqlanmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 13 apr — Sputnik. Rossiya hukumati Turkiya bilan aviaqatnovni vaqtincha to‘xtatdi. Qarorni Rossiya koronavirusga qarshi kurashish tezkor shtabi bu mamlakatdagi epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda qabul qildi, deya yozadi RIA Novosti.
Turkiya bilan parvozlar 15-apreldan 1-iyunga qadar vaqtincha to‘xtatiladi. Shuningdek, Rossiya shu muddatga Tanzaniya bilan ham aviaqatnovlarni bekor qilgan.
Ta’kidlanishicha, agar bu ikki mamlakatda epidemologik vaziyat barqarorlashsa, parvozlar yana qayta tiklanadi.
Rossiyadan tashqari, Xitoy va boshqa mamlakatlar ham Turkiya bilan aviaqatnovlarni vaqtincha to‘xtatishga qaror qilgan.
Turkiyada dam olish kunlari yana komendantlik soati kiritiladi
Bunga koronavirusning tez tarqalishi sabab bo‘lgan – u yerda aprel boshidan buyon bir kunda aniqlanayotgan kasallanish holatlari rekord o‘rnatmoqda.
Agar 1-mart kuni mamlakatda 10 mingga yaqin yangi kasallanish holati aniqlangan bo‘lsa, 7-apreldan bu ko‘rsatgich 50 mingdan pastga tushmayapti. So‘nggi haftada Turkiyada deyarli 500 ming kishi koronavirus yuqtirib olgan.
Turkiyada pandemiya boshlangandan buyon 3,9 milliondan ziyod kishi COVID-19 bilan xastalangan, 34,1 mingdan ziyod kishi qurbon bo‘lgan.