TOShKENT, 11 apr — Sputnik. Toshkent viloyatida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida o‘tkazilayotgan “zarbdor oyligi” doirasida bir nechta fohishaxona faoliyatiga chek qo‘yildi.
Viloyat IIV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tungi klub, spa-salon va saunalarda reyd tadbirlari o‘tkazilgan. Unda Oqqo‘rg‘on, O‘rta Chirchiq, Bekobod tumani va Angren shahrida spa-salon va sauna niqobida fohishaxona tashkil qilgan shaxslarga nisbatan chora ko‘rilgan.
Xususan, Angren shahar “Dukent” qo‘rg‘onida yashovchi 47 yoshli X.Sh. o‘zi yashab kelayotgan dala hovlisida fohishaxona tashkil qilgan. U kelishilgan pullarni mijozdan olayotgan vaqtida ushlangan.
Bundan tashqari, fohishalik bilan shug‘ullangan 4 nafar shaxsga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 190-moddasiga (fohishalik bilan shug‘ullanish) bilan hujjat rasmiylashtirilgan.
Karantin qoidalarini buzgan 24 nafar shaxslar aniqlanib, kodeksning 54-moddasiga (epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) asosan ma’muriy bayonnoma tuzilgan.