Senat termizlik zo‘rlangan o‘quvchi qiz ishini nazoratga oldi

Jinoyatni amalga oshirgan shaxsning do‘stlari Termiz shahar IIO FMBda faoliyat yuritishi, shu sababli ish bosti-bosti qilib kelinayotgani ota-onaning so‘nggi chora sifatida Senatga murojaat qilishiga sabab bo‘lgan
Sputnik
TOShKENT, 10 apr – Sputnik. Termizda maktab o‘quvchisi, voyaga yetmagan 16 yashar qizning nomusiga tegish holati O‘zbekiston Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan nazoratga olindi.
Senator Farhod Boqiyev shahar IIO FMB jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etgani va bir yildan ziyodroq vaqt mobaynida gumondorga chora ko‘rilmaganini ma’lum qilgan.
Xabarda aytilishicha, Surxondaryo viloyati Termiz shahrida B.E. ismli shaxs 2020-yilning yanvar oyida 16 yoshli voyaga yetmagan (maktab o‘quvchisi) qizning ojizligidan foydalanib nomusiga tekkan. Achinarlisi, bu holat 2020-yilning fevral oyida voyaga yetmagan qizni zo‘rlagani haqida ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lum qilishini aytib, uni qo‘rqitadi va takroran kuch ishlatib nomusiga tegadi.
Bosh prokuratura: 16 yoshli qizning nomusiga teggan xonanda qonun oldida javob beradi
"Ushbu jinoyatni sodir etgan shaxsga nisbatan qariyb 14 oydan beri Termiz shahar IIO FMB tomonidan qonuniy choralar ko‘rilmay kelinmoqda. Eng achinarlisi, jabrlanuvchi qizning ota-onasi adolatni qaror toptirish, jinoyatni amalga oshirgan shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab bir yildan beri Termiz shahar IIO FMBga va boshqa ma’muriy idoralarga qilgan barcha murojaatlari e’tiborsiz qodirilgan", - deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, Termiz shahar IIO FMB tomonidan mazkur voqea bo‘yicha sifatsiz tekshirishlar o‘tkazilganligi, jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqidagi qarorlar qabul qilganligi hamda jinoyatni amalga oshirgan shaxsning do‘stlari Termiz shahar IIO FMBda faoliyat yuritishi, shu sababli ish bosti-bosti qilib kelinayotgani ota-onaning so‘nggi chora sifatida Senatga murojaat qilishiga sabab bo‘lgan.
Tergov qo‘mitasi axborot-xizmati ham mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat e’lon qildi.
Qo‘mita xabariga ko‘ra, Termiz shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tayinlangan sud-tibbiy ekspertiza xulosasida qizning badanida tan jarohatlari va ularning izlari aniqlanmaganligi, qizlik pardasining anatomik butunligi buzilganligi, lekin hodisa ancha oldin bo‘lganligi sababli buzilish muddatini aniqlashning imkoniyati yo‘qligi ko‘rsatilgan.
Surxondaryoda uchinchi sinf bolasi qishloqdoshi tomonidan zo‘rlandi
Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv jarayonida bir qator tergov harakatlari amalga oshirilib, ishga aloqador fuqarolardan tushuntirish xatlari olingan. Bundan tashqari mazkur holat doirasida sud-psixologiya hamda sud-psixiatriya ekspertizalari tayinlanib, xulosalari ish materiallariga qo‘shilgan.
Mazkur holat yuzasidan joriy yil mart oyida fuqaro B.E.ning harakatlarida jinoyat tarkibi mavjud bo‘lmaganligi asosi bilan JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.
Termiz shahar prokuraturasi tomonidan 5-aprel kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish qarori bekor qilinib, qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazish uchun Termiz shahri bo‘yicha IIO FMBga yuborilgan va yurituvga olingan.
Ilk sinov va jiddiy muammolar: bolalar ombudsmani bilan eksklyuziv intervyu
Mazkur holat yuzasidan IIV huzuridagi Tergov departamenti ko‘rsatmasiga binoan mas’ul xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruv tayinlangan.
Hozirda Termiz shahri bo‘yicha IIO FMB 4-sonli IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan 6-aprel kuni sudga oid qayta komission tibbiy ekspertiza tayinlanib, to‘plangan hujjatlar Sog‘liqni saqlash vazirligining Respublika sud-tibbiyot ekspertiza ilmiy-amaliy markaziga yuborilgan.
Hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.