“Navbahor” - “Paxtakor” o‘yinida hakamlar va mehmon jamoaga turli buyumlar uloqtirildi

Namanganning “Navbahor” va poytaxtning “Paxtakor” futbol jamoalari o‘rtasida o‘yin tartibsizliklar bilan yakunlandi.
Sputnik
TOShKENT, 8 apr — Sputnik. O‘zbekiston Superligasi 5-turidan o‘rin olgan Namanganning “Navbahor” va poytaxtning “Paxtakor” futbol jamoalari o‘rtasidagi o‘yin tartibsizliklar bilan yakunlandi. 7-aprel kuni “Navbahor” o‘yingohida bo‘lib o‘tgan o‘yin 2:1 hisobda poytaxtliklar foydasiga hal bo‘ldi.
Hal qiluvchi gol bahsning 89-daqiqasida uchrashuv bosh hakami Firdavs Norsafarov videotakrorlardan keyin “Navbahor” darvozasiga belgilagan penaltidan so‘ng urildi. Hakamning bu qarori stadionga to‘plangan futbol ishqibozlarining keskin e’tirozlariga sabab bo‘lib, ularni junbushga keltirdi.
Tomoshabinlar o‘yin yakunlangach, hakam va “Paxtakor” futbolchilar tomon turli buyumlarni “uchirdi”. Bundan tashqari, stadion atrofida minglab ishqibozlar to‘planib, o‘z noroziligini bildirdi. Kelgan muxlislar soni 15 mingdan ziyod edi.
Namangan viloyati IIB e’tiroz bildirgan tomoshabinlar bilan tushuntirish ishlari olib borilgani, olomon tarqatilganini xabar qildi. Hakam, mehmon o‘yinchilar va “Paxtakor” fan-klubining 35 nafar a’zosi nazorat ostida Namangan shahridan kuzatib qo‘yilgan.
Tomoshabinlar orasida faol e’tiroz bildirib, boshqalarga ta’sir o‘tkazmoqchi bo‘lgan 2 nafar futbol ishqibozi ajratib olingan. Ular Davlatobod tuman IIBga olib kelingan va shaxslariga aniqlik kiritilgan. Keyin ular bilan tushuntirish ishlari olib borilgan.
“Xizmat mobaynida jamoat tartibini saqlashga jalb qilingan huquqni muhofaza qiluvchi barcha idoralar shaxsiy tarkibi orasida hech qanday tan jarohat olish holatlariga yo‘l qo‘yilmadi”,- deyilgan xabarda.
“Navbahor” futbol klubi muxlislarining ushbu qiliqlaridan afsus bildirgan va bu klubga qimmatga tushishini qayd etgan. Chunki klub jarima tortilishi mumkin.
“So‘g‘diyona”-“Turon” uchrashuvi bosh hakami nomuayan muddatga hakamlikdan chetlatildi
"Shunday ekan, aziz va qadrli “Navbahor” ishqibozlari, muxlislik madaniyatiga amal qilgan holda bu borada boshqa jamoa ishqibozlariga o‘rnak bo‘laylik!", - deyilgan klub xabarida.