TOShKENT, 7 apr — Sputnik. Hisob palatasi 2020-yilda jami 671,3 mlrd so‘mlik noqonuniy xarajatlar, kamomad va o‘zlashtirishlarni aniqladi. Bu haqda palata raisining birinchi o‘rinbosari B. Turobovning Qonunchilik palatasida bergan hisobotida ma’lum qilindi.
Hisob palatasi 2020-yilda 87 ta nazorat tadbirlari va tahliliy o‘rganishlar, Davlat budjetining barqarorligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirgan.
“2020 yilda o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida jami 671,3 mlrd. so‘mlik noqonuniy xarajatlar, kamomad va o‘zlashtirishlar hamda samarasiz xarajatlar, 1 trln. so‘mdan ortiq xarajatlarni optimallashtirish imkoniyatlari aniqlangan”, - deyilgan xabarda.
Aniqlangan 23,8 mlrd. so‘mlik kamomad va noqonuniy xarajatlar hamda ortiqcha moliyalashtirilgan 8,4 mlrd. so‘m mablag‘lar jamg‘armaga qaytarilgan.
Bundan tashqari, o‘rganish va tahlillar natijasida jami 801,5 mlrd. so‘mlik qo‘shimcha daromad manbalari mavjudligi aniqlangan. Shundan 233,5 mlrd. so‘mining undirilishi ta’minlangan va qolgan qismlarini undirish choralari belgilangan.
Deputatlar Xalq ta’limi vazirligi muassasalarida 192,2 mlrd so‘mlik moliyaviy xato, kamchiliklar va o‘zlashtirishlar aniqlanganiga alohida e’tibor bergan. Shuningdek, ular xalq ta’limi sohasidagi islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘laridan 21 mlrd so‘mlik samarasiz xarajatlarga yo‘l qo‘yilganini tanqid qilishgan. Misol tariqasida, Beruniy tumanida 420 mln so‘mga qurilib foydalanishga qabul qilingani ko‘rsatilgan 58-maktab filialida umuman qurilish bo‘lmagan.