TOShKENT, 6 apr — Sputnik. Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida boshlangan dzudo bo‘yicha Osiyo-Okeaniya chempionatining ilk kuni o‘z yakuniga yetdi. Unda o‘zbekistonlik dzudochi Sardor Nurillayev Osiyo chempioniga aylandi.
O‘zbekiston dzudo federatsiyasi xabariga ko‘ra, -66 kg vazn toifasidagi dzudochi Nurillayev oltin medal uchun kechgan bellashuvda koreyalik An Baulga qarshi tatamiga chiqqan.
Murosasiz bahsda Nurullayev Toshkent “Katta Dubulg‘a” turnirining oltin medali sohibi An Baulni ippon (ikkita vazari) bahosi evaziga mag‘lubiyatga uchratgan va unvonlari hisobiga Osiyo chempionligini qo‘shib qo‘ygan.
Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, o‘zbekistonlik dzudochi Diyora Keldiyorova koreyalik raqibiga imkoniyatni boy berib, kumush medal bilan kifoyalangan. Gulnur Muratbayeva, Sita Qadamboyeva hamda Nilufar Ermagambetova bronza medali uchun bahsda ustun kelgan.
Shu tariqa Osiyo-Okeaniya chempionatining dastlabki kunida o‘zbekistonlik sportchilar bittadan oltin va kumush hamda uchta bronza medaliga sazovor bo‘lishdi.