TOShKENT, 5 apr — Sputnik. O‘zbekistonda jazoni ijro etish muassasalari faoliyati bosqichma-bosqich raqamlashtiriladi. Bu 26-mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev imzolagan “Jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonda aytilgan.
Farmon bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasida” joriy yil 10-may kuniga qadar Hukumatning tegishli qonun loyihalarini ishlab chiqish topshirilgan.
Unga ko‘ra mahkumlarni “elektron nazorati”ni ta’minlovchi axborot texnologiyalarini joriy etgan holda muassasalar faoliyatini raqamlashtirish rejalashtirilmoqda.
Xususan:
xodimlarning personal videoregistrator (bodikamera) bilan xizmatni o‘tash tartibini tatbiq etish;
mahkumlarning jazoni o‘tash tartibini buzish holatlarini aniqlash maqsadida kuzatish va mustaqil nazorat qilish imkoniyatiga ega intellektual kameralar (“Smart”) tizimini muassasalarga o‘rnatish;
taqiqlangan buyumlarni olib kirish holatlarini aniqlash va oldini olish maqsadida muassasalarning nazorat o‘tish joylarida bodiskanerlarni o‘rnatish;
jazoni o‘tash jarayonida mahkumning xulq-atvori va shaxsi haqidagi “axborot portreti”ni tuzish va ozodlikka chiqishidan 2 oy oldin yashash joyi bo‘yicha hududiy ichki ishlar organlariga xabar berish imkoniyatini beruvchi yagona elektron tizimni yaratish.
Chora-tadbirlarni amalga oshirishning dastlabki muddati 2021-2023 yilllar belgilangan. Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.