Prokuraturaga ishga joylashtirish uchun pora talab qilgan “hojatbarorlar” qo‘lga olindi

Sputnik
TOShKENT, 4 apr — Sputnik.Toshkent shahri Chilonzor tumanida pora evaziga prokuraturaga ishga joylashtirishni va’da qilgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.
Xabarda yozilishicha, fuqaro I.E. “Nosir” ismli shaxs mansabdor yaqinlari orqali tanishi A.E.ni prokuratura organlariga ishga joylashtirishmoqchi ekanini bildirgan. Buning evaziga esa undan 30 ming dollar talab qilgan. I.E. huquqni himoya qiluvchi organlardan unga chora ko‘rishni so‘ragan.
“Toshkent shahar suv ta’minoti” mansabdorlari pora bilan qo‘lga tushdi
Uning arizasi yuzasidan 4-aprel kuni o‘tkazilgan tadbirda ikki nafar fuqaro Chilonzor tumanida joylashgan “Denov” choyxonasida ariza muallifi I.E.dan 5 ming dollarni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozir Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumondor shaxslar protsessual tartibda ushlandi.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.