TOShKENT, 2 apr – Sputnik. O‘zbekiston va Xitoy hamkorligida ishlab chiqarilgan vaksina mutlaqo xavfsiz, deb e’lon qildi AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosari Shahlo Turdiqulova.
“Xitoyda ishlab chiqarilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining dastlabki sinov bosqichlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bois uning so‘nggi — uchinchi klinik sinov bosqichlarini O‘zbekistonda o‘tkazdik.
Tahlil va o‘rganishlar ko‘rsataptiki, vaksina — mutlaqo xavfsiz va uni qabul qilgan insondlarning 95-97 foizida antitanachalar shakllanadi.
Ushbu vaksinani shaxsan o‘zim ham oilamiz orqali sinovdan o‘tkazganmiz. Sinovda qatnashgan 7 ming kishining hech birida hech qanday nojo‘ya ta’siri sezilmagan. Balki allergik ta’sirlar sezilishi mumkin, ukol qilingan joylar qizarishi mumkin, biroq bundan qo‘rqmaslik kerak.
Koronavirusni yengib o‘tishning yagona yo‘li — vaksina qabul qilish. Shu bois aholini vaksinatsiya jarayonida faol ishtirok etishga chaqiraman", — dedi vazir o‘rinbosari.
Ma’lumot uchun ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining immunogen samaralilik darajasi 95-97%, xavfsizlik darajasi 99%ni tashkil qilgan. (Buning uchun vaksinani 3 marotaba olish kerak) Shu bilan birga ushbu vaksina koronavirusning yangi Britaniya va JAR shtammlariga qarshi samaraligi juda yuqori, deyilgan edi Innovatsion vazirligining oldingi xabarlarida.
O‘zbekistonda 1-apreldan ommaviy emalsh boshlangan. Buning uchun oldindan 660 min doza AstraZeneca va 1 million doza ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi olib kelingan edi. Iyun oyida yana 3,5 mln doza vaksina olib kelish rejalashtirilgan.
Birinchi bosqichda koronavirus kasali katta xavf tug‘idirayotgan aholi toifasi – 65 yoshdan kattalar, surunkali kasali borlar emalanadi. Shuningdek tibbiyot xodimlari, o‘qituvchilar va ichki ishlar xodimlari ham emlanishi nazarda tutilgan.
Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Nurmat Otabek aytishiga qaraganda O‘zbekistonda ayni damda birinchi navbatda emlanishi kerak bo‘lga fuqarolar soni 4,1 mln kishini tashkil qiladi.