Atabek Nazirov O‘zbekiston to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi bosh direktori bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari lavozimiga Atabek Nazirov tayinlandi.
Sputnik
TOShKENT, 1 apr — Sputnik. Atabek Nazirov investitsiyalar va tashqi savdo vazirining maslahatchisi - O‘zbekiston to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi bosh direktori etib tayinlandi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Ushbu Jamg‘arma raqobatbardosh mahalliy kompaniyalarga investitsiyalar kiritish, shuningdek, xususiy mahalliy va xorijiy investorlar bilan uzoq muddatli o‘zaro foydali sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etilgan.
Jamg‘armaning asoschisi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisoblanadi, faoliyati esa Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Investitsiyalarni o‘zlashtirish samaradorligi oshiriladi - prezident
Nazirov 1975-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, 1998-yilda makroiqtisodiyot ixtisosligi bo‘yicha AQShdagi Nyu-York davlat universitetini tamomlagan. U investitsiya sohasida katta tajribaga ega, AQShdagi “Goldman Sachs” va “JPMorgan Chase”, Rossiyadagi “Troyka Dialog” va MDM-Bank kabi yirik moliyaviy va investitsiya kompaniyalarida, shuningdek, London shahrida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankida ishlagan.
U O‘zbekistonda o‘z faoliyatini 2018-yilda innovatsion rivojlanish vazirining o‘rinbosari lavozimida boshlagan, keyinchalik Xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan. 2019-yilning yanvar oyidan buyon Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori lavozimida ishlab kelgan.